Bobur Hindistonda katta hajmdagi davlat ishlari bilan bir qatorda oʻzining adabiy-badiiy faoliyatini ham davom ettirdi va yuqorida zikr etilgan asarlarini yaratdi. Boburning butun jahon ommasiga mashhur boʻlgan shoh asari “Boburnoma”dir. Maʼlumki, unda Bobur yashagan davr oraligʻida Movarounnahr, Xuroson, Eron va Hindiston xalqlari tarixi yoritilgan. Asar asosan uch qismdan iborat boʻlib, uning birinchi qismi – XV asrning ikkinchi yarmida Markaziy Osiyoda roʻy bergan voqealarni, ikkinchi qismi – XV asrning oxiri va XVI asrning birinchi yarmida Kobul ulusi, yaʼni Afgonistonda roʻy bergan voqealarni; uchinchi qismi – XVI asrning birinchi choragidagi Shimoliy Hindiston xalqlari tarixiga bagʻishlangan. “Boburnoma”da oʻsha davrning siyosiy voqealari mukammal bayon qilinar ekan, oʻz yurti Fargʻona viloyatining siyosiy-iqtisodiy ahvoli, uning poytaxti Andijon shahri, Markaziy Osiyoning yirik shaharlari: Samarqand, Buxoro, Qarshi, Shahrisabz, Oʻsh, Urganch, Oʻratepa, Termiz va boshqa shaharlar haqida nihoyatda nodir maʼlumotlar keltirilgan. Unda Kobul ulusining yirik shaharlari Kobul, Gʻazna va ular ixtiyoridagi koʻpdan koʻp tumanlar, viloyatlar, Shimoliy Hindiston xaqida maʼlumotlarni uchratish mumkin.