Eski binolarni ta’mir qildirib, yangilarini qurdirdi. Qanchadan-qancha madrasalar, xonaqolar soldirdi. Uning, ayniqsa, Husayn Boyqaro hokimiyatini mustahkamlash, yurt osoyishtaligini ta’minlash, temuriyzodalar toj-u taxt uchun olib borayotgan kurashlarning oldini olish borasidagi xizmatlari katta bo’ldi. Aql-u zakovati, donishmandligi, el-yurt orasidagi yuksak mavqei bilan Husayn Boyqaro va o’g’illari-shahzodalar o’rtasidagi ko’plab nizo va janjalarni yarashga aylantirib, ota va bolalarning bir-birlariga mehr-muhabbatlarini tiklashga muvaffaq bo’ldi. Qanchadan-qancha g’alayonlarni tinchitdi. U jangda jasur, she’rda iste’dodli, do’stlikda sadoqatli bo’lgan. Sulton Husayn Boyqaroga qattiq ishonar edi. Alisher Navoiy she’rini, shoirlikni hamma narsadan baland tutdi. Vazirlik martabasida turib ham ijod qilishni to’xtatmadi. 1472 – 1476- yillarda “Bado’yeul bidoya” (“Badiiylik ibtidosi”), 1476 – 1483- yillarda “Navodirun nihoya” (“Nihoyasiz nodirliklar”) nomlari bilan ikki devon tuzdi.