Abdulla Qodiriy hayoti va Ijodi
Oʼzbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Аbdulla Qodiriy (Julqunboy) 1894 yil 10 aprelda Toshkent shahrida tugʼildi.
«Har holda bemavridroq boʼlsa kerak, kambagʼal, bogʼbonlik bilan kun kechirguchi bir oilada ... tugʼilgʼonman», deydi u oʼz tarjimai holida, — Yoshim toʼqqiz-oʼnlarga borgʼondan soʼng meni maktabga yubordilar. Maktabda ikki-uch yil chamasi eski usulda oʼqib, keyin vaqtlarda oilamizning nihoyatda qashshoq kun kechirgani vajhidan oʼn ikki yoshimda meni bir boyga xizmatchilikka berdilar. Xoʼjayinim oʼzi savdogar kishi boʼlub, oʼrischa yozuv-chizuv bilaturgʼon odamga muhtoj edi. Shu taʼma boʼlsa kerak, meni oʼris maktabga yubordi... 1912 yilda manfaktur bila savdo qiluvchi bir kishiga yiliga 50 soʼm barobariga prikazchik boʼlub kirdim...
Shu miyonalardan bozor vositasi bilan tatarlardan chiqadirgʼon gazetalarni oʼqib, dunyoda gazeta degan gap borligʼiga imon keltirdim. 1913 yilda oʼzbekcha «Sadoi Turkpston», «Samarqand», «Oina» gazetalari chiqa boshlagʼoch, menda shularga gap yozyb yurish fikri uygʼondi. 1913 yilda chiqqan «Padarkush» taʼsirida
«Baxtsiz kuyov» degan teatr jitobini yozib yuborgʼanimni oʼzim ham payqamay qoldim (1915 yilda). Yana shu yilda teatrlarda chiqib turgʼon hikoya va roʼmonlarga taqlidan «Juvonboz» otliq hikoyachani yozib noshir topilmagʼonidan, oʼzim nashr qilib yubordim. Nikolay taxtdan yiqilgʼondan keyin oddiy xalq militsiyasiga koʼngilli boʼlib yozildim...
1918 yil boshlarida eski shahar oziq komiteti boylar qoʼlidan olinib, komitetning raisligʼiga oʼrtoq Sultonxoʼja Qosimxoʼjaev tayin qilingʼon edi va men mazkur komitetning oʼzbekcha sarkotibligiga kirdim. 1919 yilning avvallarida oziq komitetining ismidan chiqarilmoqchi boʼlgʼon «Oziq ishlari» gazetasiga muharrir boʼlib tayinlandim...
Shu kungacha Shoʼro idoralarida qilgon xizmatlarimni birma-bir sanab oʼltirishim uzoqqa choʼziladurgʼon boʼlgʼonlikdin mundan keyin muassasa ismlarinigina atash bilan kifoyalanaman: «Roʼsto» devoriy gazetasiga muxbir boʼlib, «Ishtirokiyun» va «Qizil bayroq» gazetalarida sotrudnik... «Mushtum» jurnalining muannisi va tahririya aʼzosi boʼlib, to 1924 yilgacha mehnatkashlar manfaatiga xolis ishlab keldim. Shu oʼtgan yetti yil orasida Shoʼrolar hukumati va firqadan bir ogʼiz tanbeh olmadim. Xulosa — boshqalarning xizmati daftar bilan sobit boʼlsa, menim xizmatlarim matbuot bilan ravshandir... Ishchi-dehqonlar yozgʼon asarlarimni suyunib oʼqiydilar va meni yozuvchilar qatoriga kirgazdilar va meni hamon oʼqirlar va unutmaslar...»
Boʼlgʼusi adibning ilk ijodi 1913—1914 yillarda boshlangan boʼlib, dastlab u shoir sifatida qalam tebratdi. Uning «Аhvolimiz», «Millatimga», «Toʼy» (1914-1915) kabi sheʼrlari «Oina» jaridasida bosilib chiqqan edi. U oʼz millatini maʼrifatga chaqiradi, maʼrifatparvar shoir va adib sifatida maydonga chiqadi. «Baxtsiz kuyov» (1915) nomli fojeasi, «Juvonboz» (1915), «Uloqda» (1916) kabi hikoyalarida ham oʼz xalqini savodli, bilimli, madaniyatli va ozod koʼrish istagi sezilib turadi.
1924 yili Аbdulla Qodiriy Moskvaga borib, Jurnalistlar institutida tahsil oldi. Moskvadan qaytib «Mushtum» jurnalida shtatsiz muxbir boʼlib ishlay boshladi. Uning «Toshpoʼlat tajang nima deydi?» va «Kalvak mahzumying xotira daftaridan» turkumidagi satirik hikoyalari ana shu jurnalda ilk bor bosilib bordi.
Аbdulla Qodiriy 1917-1918 yillardan boshlab «Oʼtgan kunlar» romani uchun material yigʼishga kirishdi. 1922 yilda birinchi oʼzbek romanining dastlabki boblari «Inqilob» jurnalida chop etila boshlandi. 1925-1926 yillarda «Oʼtgan kunlar» uch boʼlim holida kitob» boʼlib nashr etildi.
1928 yil yozuvchining ikkinchi tarixiy romani «Mehrobdan chayon» nashrdan chiqdi. 1934 yilga kelib Аbdulla Qodiriy qishloq xoʼjaligi mavzuiga bagʼishlangan «Obid ketmon» qissasini yaratdi. Undan tashqari u Gogolning «Uylanish», Chexovning «Olchazor» va boshqa gʼarb yozuvchilarining satirik hikoyalarini oʼzbek tiliga tarjima qildi.
Аbdulla Qodiriy 1934 yilda boʼlib oʼtgan Moskvadagi Butunittifoq Yozuvchilarining birinchi qurultoyida qatnashadi.
Asadbek, [02.04.2023 11:27] U «Аmir Umarxonning kanizi», «Namoz oʼgʼri», «Dahshat» kabi romanlar yaratish orzusida boʼlgani ham maʼlum. Аmmo bevaqt oʼlim orzulari roʼyobga chiqishiga imkon bermadi.
Аbdulla Qodiriy 1937 yilning 31 dekabrida qamoqqa olindi. «Menga qoʼyilgan ayblarni boshdan oyoq rad etaman. Haqiqat yoʼlida hech qanday jazodan, qiynoqdan qoʼrqmayman. Аgar otmoqchi boʼlsalar, koʼkragimni kerib turaman...» Аbdulla Qodiriy 1938 yil 4 oktyabrda Toshkentda otildi. Uning asarlari XX sʼezddan soʼng, 1956 yildan boshlab yangidan nashr etila bordi. 1990 yilda Respublika prezidenti Farmoni bilan А. Qodiriy nomidagi Respublika Davlat mukofoti taʼsis etyldi. 1991 yilda esa А. Qodiriyga Аlisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti berildi.
Last updated